Toyloqda qabriston obodligiga qanday e’tibor qaratilyapti?

   Qabriston nafaqat insonning so‘nggi borar manzili, balki o‘zligini anglash, qalbida ajdodlarga hurmat, mehr-oqibat tuyg‘ularini shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadigan muqaddas maskan hisoblanadi. Shu bois ham xalqimiz qadim-qadimdan qabristonni tabarruk bilib, uni obod qilishga alohida e’tibor qaratadi. Qolaversa, o‘tgan davr mobaynida Prezidentimiz va Hukumatimiz tomonidan diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, diniy urf-odatlarni hurmat qilish, ayniqsa muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni yanada obod qilish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
   Xo‘sh, bu borada Toyloq tumanida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Qabristonlarni saqlash, obodonlashtirish ahvoli qanday? Shu va boshqa savollarga Toyloq tumanida dafn etish joylari, ya’ni qabriston  va ziyoratgohlarni obodonlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida batafsil ma’lumot berildi.
   Unda ishtirok etgan tuman obodonlashtirish boshqamasi bosh muhandisi Asqar Sharipov qabristonlarni saqlash, obodonlashtirish, yanada fayzli go‘shaga aylantirish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotgani,  bu esa poklik, saranjom-sarishtalikni ta’minlabgina qolmay, xalqimiz, ayniqsa, yoshlar  ongida ajdodlar xotirasiga hurmat-ehtirom tuyg‘ulari mustahkamlanayotganini ta’kidladi.
   Ma’lumotlarga ko‘ra, Toyloq tumanida 79 ta qabristonlar mavjud bo‘lib, shundan 74 tasi to‘liq devor bilan o‘ralgan. Qolgan 5 tasi 2023 yilda ichki dastur asosida yil yakuniga qadar to‘liq yakunlanishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, qabriston yo‘llarini obodonlashtirish ishlari ham e’tibordan chetda emas. Hozirgi kunga qadar 67 ta qabristonlarning yo‘llari asfalt va beton yo‘l bilan qoplangan.  2024 yil yakuniga qadar mazkur yo‘nalishdagi ishlar to‘liq yakunlanishi rejalashtirilgan.  
   Tuman obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan joriy yilning bahor mavsumida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 122 ming dona mevali va manzalari daraxt ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan bo‘lib, ayni kunga qadar 84 ming dona terak, archa, malina kabi daraxt ko‘chatlari ekildi.   
   Matbuot anjumanida joriy yilda ham qabristonlarni obodonlashtirish, atrof devorlarini yangilash, chiroqlar o‘rnatish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari namunali tarzda amalga oshirilishi ma’lum qilindi.

Tuman hokimligi axborot xizmati.

2015-2018 © Тойлоқ туман хокимлиги. Сайт САКТРМ томонидан ишлаб чиқилди